O‘zbekistonga yangi superkompyuter olib kelinadi

27-Iyul, 2025-yil 12:38 | 3 marta ko‘rilgan | Izohlar soni: 0

O‘zbekistonga yangi superkompyuter olib kelinadi

Raqamli texnologiyalar vazirligi yuqori samarali hisoblash klasteri va katta server qurilmalari sotib oladi. Yangi qurilmaning to‘liq tafsilotlari va narxi ochiqlanmagan, lekin bunday klasterlar amaliyotda «kam budjetli superkompyuterlar» deb ataladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Toshkent shahridagi INHA universiteti uchun 2026 yil 1 iyunga kadar «kam budjetli superkompyuterlar» va yirik server sotib oladi. Bu haqda 2025-2026 yillarda Sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga doir hukumat qarorida so‘z boradi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, INHA universitetiga quyidagi qurilmalar xarid qilinadi:

Sun’iy intellekt texnologiyalarini amalga oshirish bo‘yicha parallel hisoblash, mashinaviy o‘qitish va boshqa loyihalar uchun zarur bo‘lgan grafik ishlov berish bloklarini (GPU) o‘z ichiga olgan yuqori samarali hisoblash klasteri;
katta ma’lumotlar bazasi server qurilmalari.
Hukumat qarorida yozilgan ushbu qurilma HPC klasterdir.

High Performance Computing Cluster – (yuqori samarali hisoblash klasteri) bu superkompyuter emas, lekin u superkompyuterga o‘xshash vazifalarni bajarishi mumkin bo‘lgan tarmoqlangan kompyuterlar tizimidir. U serverlarni bog‘lab, ularni birgalikda katta hisoblash masalalarini hal qilish uchun ishlatadi. Amaliyotda bunday klasterlar ko‘pincha «kam budjetli superkompyuterlar» deb ham ataladi.

Qarorga ko‘ra, ushbu server qurilmalarini xarid qilish Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, Toshkentga olib kelinadigan qurilma «shu yil oxirigacha, balki kuz oylarida olib kelinishi va taqdimot qilinishi kutilmoqda».

Hukumat qarorida ushbu qurilmalarni sotib olish uchun qancha mablag‘ ajratilayotgani, qaysi davlat yoki kompaniyadan olinishi ko‘rsatilmagan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, moslashuvchan, bosqichma-bosqich kengaytirish mumkin bo‘lgan HPC klasterlar narxi 20 ming dollardan 2 million dollargacha yetishi mumkin.


Bu kommentga 0 ta izoh qoldirilgan

Hozircha izohlar mavjud emas.

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin.

Izoh qoldirish uchun quyidagi tugmalardan foydalaning:

Ro'yxatdan o'tish Saytga kirish
{